2025-yil 11-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30-yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro konferensiya doirasida Tayland Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan 2026-2027-yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raislik qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga o‘tishi munosabati bilan Assosatsiyaning ramziy bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Senati, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda Konstitutsiyaviy sudning hamkorlari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori, Konrad Adenauyer fondi va Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyada 10 dan ortiq xorijiy xususan, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi, Indoneziya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Belarus respublikalari konstitutsiyaviy sudlari raislari, sudyalari hamda 30 dan ortiq ekspertlar, xususan Germaniya Federativ Respublikasi eksperti va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 30-yilligi – bu, avvalo, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida mustaqil davlatchilik asoslarini mustahkamlash, demokratik huquqiy davlat va adolatli jamiyat barpo etish bilan bog‘liq ulkan tarixiy jarayonlarning yorqin ifodasidir. Bu sana tinchliksevar xalqimiz uchun yangicha huquqiy tafakkur, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan xalqparvar davlat siyosatining samarasi, konstitutsiyaviy qadriyatlar ustuvorligining ramzi sifatida katta siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.


Konstitutsiyaviy sud bugungi kunda mustaqil O‘zbekistonda huquq ustuvorligi va adolat g‘oyalarining amaliy kafiliga aylandi. Mazkur sudning qarorlari Konstitutsiya norma va prinsiplarining bevosita amal qilish va itoatkorlikni shakllantirdi. Davlat hokimiyatining barcha tarmoq va bo‘g‘inlari, mansabdor shaxslarning faoliyatida adolat, qonuniylik, fuqarolar oldidagi yuksak mas’uliyat, inson huquqlari va manfaatlariga tayangan samarali va odil boshqaruv madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.


Anjuman ishtirokchilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokurori, Adliya vazirligi rahbarlari hamda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori o‘rinbosari Sizov Sergey, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudining raislari tabrik so‘zi bilan qutladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30-yilligi munosabati bilan faxriy sudyalarga, faol hamkor tashkilotlar va olimlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining esdalik nishonlari bilan taqdirlandilar.


Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi Prezidenti, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti, professor doktor Nakharin Mektrayrat so‘z olib, Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi raisligini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga rasman topshirish sharaf ekanligini ta’kidladi.

Assotsiatsiyaga raislik ramzi bo‘lgan bayroqni topshirar ekan: “Men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisligida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi yanada mustahkamlanib borishiga, assotsiatsiya qonun ustuvorligini ta’minlashda yanada muhim rol o‘ynashiga hamda inson huquqlarini himoya qilishida Assotsiatsiyaga a’zo barcha 22 Osiyo davlatlar birlashishiga ishonaman”, deb ta’kidladi.


Xalqaro konferensiya o‘z ishini uchta sessiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Birinchi yalpi sessiya: “Konstitutsiyaviy islohotlar va inson manfaatlari”, ikkinchi yalpi sessiya “Konstitutsiyaviy nazorat va inson huquqlarini himoya qilish masalalari” hamda uchinchi yalpi sessiyada “Konstitutsiyaviy odil sudlovni takomillashtirishning dolzarb masalalari”ga oid ma’ruzalar qilindi.



Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq ovoz berish – referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratdi. Milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Konstitutsiyada davlat qurilishining strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab qo‘yildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Inson huquq va erkinliklarini kafolatlashning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi.


Hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli yaratildi.
Konferensiyada yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish bugunning asosiy vazifasiga aylanganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi