1. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzurida maslahat organi bo‘lgan va jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadigan ilmiy-maslahat kengashi tuziladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi (bundan buyon matnda Ilmiy-maslahat kengashi deb yuritiladi) o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi reglamenti hamda mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
2. Ilmiy-maslahat kengashining vazifa va funksiyalari
3. Ilmiy-maslahat kengashining vazifasi huquq fani va konstitutsiyaviy nazorat masalalarida, shuningdek rivojlangan xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlaridan foydalanishda Konstitutsiyaviy sudga yordam berishdan iborat.
4. Ilmiy-maslahat kengashi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqadi;
Konstitutsiyaviy sud majlisiga kiritilgan masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar beradi;
konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Konstitutsiyaviy sud tomonidan mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida taqdim etiladigan axborot yuzasidan takliflar kiritadi.
3. Ilmiy-maslahat kengashining tarkibi va uni shakllantirish tartibi
5. Ilmiy-maslahat kengashining tarkibi siyosat va huquq sohasidagi yuqori malakali milliy va xorijiy mutaxassislardan iborat bo‘ladi. Fan va amaliyot boshqa tarmoqlarining Ilmiy-maslahat kengashiga a’zo bo‘lmagan mutaxassislari ham uning ishiga jalb etilishi mumkin.
6. Ilmiy-maslahat kengashi Konstitutsiyaviy sud raisining taqdimiga binoan Konstitutsiyaviy sudning majlisida Kengash raisi, raisining o‘rinbosari, kotibi va a’zolaridan iborat tarkibda saylanadi.
7. Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari lavozimiga ko‘ra Ilmiy-maslahat kengashining raisi, Konstitutsiyaviy sud Ekspertlar guruhining rahbari lavozimiga ko‘ra Ilmiy-maslahat kengashining kotibi hisoblanadi.
8. Ilmiy-maslahat kengashining tarkibi har uch yilda yoki zaruratga qarab qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
4. Ilmiy-maslahat kengashi faoliyatini tashkil etish
9. Ilmiy-maslahat kengashi majlislarida ko‘rib chiqish uchun masalalarni Konstitutsiyaviy sudning raisi yoki uning o‘rinbosari kiritadi.
10. Ilmiy-maslahat kengashining majlislari ilmiy munozara va erkin fikr bildirish vaziyatida o‘tkaziladi.
11. Ilmiy-maslahat kengashining qarorlari tavsiyaviy xarakterga ega.
12. Ilmiy-maslahat kengashining raisi uning ishini tashkil etadi, majlislar chaqiradi, kengashning tavsiyalarini tayyorlash yuzasidan uning a’zolariga topshiriqlar beradi.
13. Ilmiy-maslahat kengashining kotibi uning ishini tashkiliy jihatdan ta’minlaydi, majlislarga materiallar tayyorlaydi, majlis bayonnomalarini yuritadi, ish yuritishni olib boradi.
14. Ilmiy-maslahat kengashi majlislari videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilishi mumkin.
5. Ilmiy-maslahat kengashi a’zolarining huquq va majburiyatlari
15. Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi Konstitutsiyaviy sudning majlisida ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan o‘zining fikrini bayon etishga haqli.
16. Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi kengash majlislarida ishtirok etish, kun tartibidagi masalalar yuzasidan ilmiy-nazariy tavsiyalar va takliflar berish huquqiga ega.
17. Ilmiy-maslahat kengashining qabul qilingan qaroriga qo‘shilmagan a’zosi alohida fikr taqdim etishga haqli bo‘lib, bu fikr Konstitutsiyaviy sud rahbariyatiga ma’lum qilinadi.
18. Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi xizmat ma’lumotlari yoki sudda ko‘rilayotgan ish materiallarini oshkor qilmaslik majburiyatini oladi.
6. Yakuniy qoidalar
19. Ilmiy-maslahat kengashi faoliyatini tashkiliy-texnik vositalar bilan ta’minlash Konstitutsiyaviy sud devonining zimmasiga yuklanadi.
20. Ilmiy-maslahat kengashi har yili o‘z faoliyati to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sud majlisida axborot beradi.