Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga tashrifi doirasida “O‘zbekiston va Turkiya respublikalari Konstitutsiyaviy sudlari: zamonaviy konstitutsiyaviy odil sudlov amaliyoti, tizimli rivojlanish va xalqaro hamkorlik” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochib, mazkur muloqot ikki davlat konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasida umumiy huquqiy qadriyatlar, ustuvor tamoyillar va zamonaviy yondashuvlarni atroflicha muhokama qilish uchun muhim platforma ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, zamonaviy sharoitda konstitutsiyaviy sudlar zimmasidagi vazifalar yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Raqamlashtirish jarayonlari, globallashuv, yangi huquqiy munosabatlar va jadal ijtimoiy o‘zgarishlar sud hokimiyatidan innovatsion yondashuvlarni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, tizimli rivojlanish nafaqat institutsional islohotlarni amalga oshirish, balki huquqiy tafakkurni yangilash, sud qarorlari sifatini oshirish va ularning ijtimoiy ahamiyatini kuchaytirishni ham nazarda tutadi.

Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik mazkur jarayonning ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. Konstitutsiyaviy sudlar o‘rtasidagi muloqot va tajriba almashish nafaqat amaliy jihatdan foydali, balki inson huquqlari sohasida umume’tirof etilgan standartlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2026–2027 yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raislik qilmoqda. Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi esa boy tarixiy tajribaga ega bo‘lib, Yevropa va Osiyo huquqiy an’analari tutashgan nuqtada shakllangan yetakchi konstitutsiyaviy nazorat organi hisoblanadi.
Shuningdek, Turkiya Konstitutsiyaviy sudi Turkiy davlatlar konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasi hamda Islom davlatlari konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasiga raislik qilib kelmoqda. U, shuningdek, Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasining faol a’zosi sifatida har yili konstitutsiyaviy sudlar xodimlari malakasini oshirish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari va yozgi maktablar tashkil etib keladi.
Ta’kidlanganidek, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va uni yangi bosqichga olib chiqish har ikki tomon uchun o‘zaro manfaatlidir.

Tadbirda Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti Qodir O‘zkaya so‘zga chiqib, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya tomoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini, shuningdek, uning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raisligi davrida yaqin hamkor bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Xalqaro davra suhbatida har ikki tomon vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirish masalalari, zamonaviy konstitutsiyaviy odil sudlov amaliyoti, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etdilar.
Muhokamalar natijalari ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida tajriba almashishni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratdi.