2026 yil 4 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov hamda Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti Qodir O‘zkaya o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Turkiya – bu nafaqat strategik hamkor davlatlar, shu bilan birga, asrlar davomida sinovdan o‘tgan mushtarak tarix, mushtarak madaniyat va eng muhimi, qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan xalqlardir. Bugun bu birodarlik har jihatdan yangi mazmun va yangi ruh bilan boyib bormoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari mutlaqo yangi – strategik sheriklik va oliy darajadagi ishonch bosqichiga ko‘tarildi. Bu sa’y-harakatlar nafaqat iqtisodiy va siyosiy sohalarda, balki huquqiy davlatchilik va konstitutsiyaviy taraqqiyot yo‘lida ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Uchrashuvda Konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi hamkorlikning izchil rivojlanib borayotgani, sudyalar va mutaxassislar o‘rtasida samarali muloqot va tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgani, bu o‘z navbatida, qo‘shma tashabbuslar va amaliy loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratishi alohida qayd etildi.
Aytish joizki, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti Kadir O‘zkaya boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi 8 mayga qadar davom etadi va hamkorlikda qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xususan, O‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash hamda “Turkiya va O‘zbekiston Respublikalari Konstitutsiyaviy sudlari: zamonaviy konstitutsiyaviy odil sudlov amaliyoti, tizimli rivojlanish va xalqaro hamkorlik” mavzusida xalqaro davra suhbatini o‘tkazish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi