eye
Amaliy uchrashuvlar yosh mutaxassislarning bilimini mustahkamlashga xizmat qiladi

Konstitutsiyaviy sudda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti) Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi Toshkent shahridagi filialining “Xalqaro xususiy, fuqarolik huquqi va arbitraj” fakulteti 1-bosqich talabalari hamda mazkur kafedra o‘qituvchilari bilan “Konstitutsiyaviy huquq” fani doirasida sayyor dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.   

Mahorat darsini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi  raisi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori A.Gafurov kirish so‘zi bilan ochdi va Konstitutsiyaviy sudning mamlakat sud tizimida tutgan o‘rni, konstitutsiyaviy nazorat va konstitutsiyaviy shikoyat instituti haqida ma’lumot berdi.

Mazkur uchrashuv universitetda nazariyada olingan bilimlarni amaliy dars mashg‘ulotida mustahkamlash, xususan konstitutsiyaviy ish yuritishni tashkil etish tartibi va qonun hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish imkonini beradi.

Mahorat darsida shuningdek, Konstitutsiyaviy sud sudyasi, yuridik fanlar nomzodi A.Raxmonov hamda Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i A.Karimovlar ishtirok etdi. Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish mavzularida ma’ruzalar qilib, batafsil ma’lumotlar berildi.  

Talabalar Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga qiziqish bildirib, bir qator savollar bilan murojaat qildilar. Xususan, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibi, qonunlarga sharh berish amaliyoti, qonun hujjatlarini Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘rganish hamda Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga qo‘yiladigan talablar kabi savollarga  batafsil tushuntirishlar berildi.

Bu kabi uchrashuvlar yosh mutaxassislarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va ularning amaliy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi 

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish