Xabar qilinganidek, Seul shahrida Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari Assotsiatsiyasining Ilmiy tadqiqotlar va rivojlantirish Kotibiyati tomonidan tashkil etilgan “Konstitutsiyaviy huquqning dolzarb masalalari” mavzusidagi 5-ilmiy-tadqiqot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Konferensiya ishi doirasida O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi Devon rahbari N.Said-Gazieva va Ekspertlar guruhi rahbari Sh.Majidov hamda Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi raisi Kim San Xvan va Bosh Kotib Inxyuk Son bilan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro muloqotda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda huquqiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etib, ikki mamlakat Konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlashimiz va kelgusida ham hamkorlik Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi doirasida yanada mustahkamlanishiga umid qilinishi bildirildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari Assotsiatsiyasiga 2026-2027 yillarda raislikni qabul qildi. Joriy yilning oktabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressi “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt davrida konstitutsiyaviy adolat kafolatlari” mavzusiga bag‘ishlanadi.
Shu munosabat bilan, Koreya Konstitutsiyaviy sudida joriy qilingan raqamlashtirish bo‘yicha dasturlar va amaliy natijalar yuzasidan tajriba almashishga kelishib olindi.

Ilmiy-tadqiqot konferensiyasi o‘z ishini sessiyalarda davom ettirdi. Xususan, 2018 yildan “Konstitutsiyaga tuzatishlar”, “Asosiy konstitutsiyaviy qarorlar” mavzularida muhokamalar bo‘lib o‘tdi. “Konstitutsiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan qonun hujjatlari” nomli uchinchi sessiyada O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi vakili Sh.Majidov moderatorlik qildi.
Muhokamalardan so‘ng Ilmiy-tadqiqot konferensiyasida bildirilgan fikr-mulohazalar umumlashtirilib, ishtirokchi davlatlarga yakuniy xulosalar e’lon qilindi.