Joriy yilning 23-may kuni Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 1-umumta'lim maktabida O'zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy Kengashi tashabbusi bilan yana bir ma'naviy-ma'rifiy uchrashuv tashkil etildi.


"Avlodlar uchrashuvi" deb nomlangan ushbu tadbir 1969-yilda ushbu ta'lim muassasasini faxriy bitirgan, taniqli davlat va jamoat arbobi, huquqshunos olim, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug'bek Elchiyevich Abdusalomovning ibratli hayot yo'li va ko'p yillik samarali faoliyatiga bag'ishlandi.
Ma'rifiy tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sudyalar Oliy Kengashi xodimlari, Sirdaryo viloyati va Xovos tuman sudlari raislari, Xovos tumani rahbarlari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, sud tizimi faxriylari, maktab jamoasi, shuningdek, Mirzo-Ulug'bek Elchievich bilan bir partada o'qigan hurmatli sinfdoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so'zga chiqqanlar M.Abdusalomovning sud tizimidagi ko'p yillik mashaqqatli mehnati bugungi yoshlar uchun chinakam o'rnak ekanligini ta'kidladilar.


Uning sharafli hayoti va fidoyi xizmatlari yosh avlod uchun katta saboq bo'lib xizmat qiladi va ularni kelajakda yuksak insoniy fazilatlarga ega yaxshi insonlar va malakali mutaxassislar bo'lib yetishishlariga undaydi.
Uchrashuvda maktabning faol, bilimli va zukko o'quvchilari Vatan, adolat va o'qituvchilarni ulug'lovchi go'zal she'rlarni mahorat bilan o'qib berishdi. Bu tadbirga yanada ko'tarinki va bayramona ruh bag'ishladi.
Ochiq va samimiy muloqot shaklida o'tgan uchrashuvda bir qator maktab o'quvchilari ham so'zga chiqib, sinfdoshlari, ustozga munosib avlod bo'lib ulg'ayishga va'da berishdi.

Ushbu ma'rifiy tadbir yoshlar qalbiga yuksak davlat va jamoat arbobi darajasiga ko'tarilish siri tinimsiz mehnat va intilishda, o'rganishda, talabalarni yangi maqsadlarga erishishga undashda ekanligini singdirishda katta amaliy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi