Bugun Toshkent davlat yuridik universitetida huquqshunos olim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist Baxtiyar Shamsutdinovich Mirbabaevning 80 yoshlik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Konstitutsiyaviy sud sudyalari va xodimlari, sud-huquq tizimi vakillari, davlat organlari rahbarlari, huquqshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza Ulug‘bek Abdusalomov, Baxtiyar Mirbabaevning mamlakatimiz huquqshunoslik ilmi, konstitutsiyaviy odil sudlov va yuridik ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tegishli Farmoni o‘qib eshittirildi. Baxtiyar Shamsutdinovich Mirbabaevga davlat mukofoti “Do‘stlik” ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboev, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xodjaev, universitet professori Xalimboy Boboev va boshqalar so‘zga chiqib, Baxtiyar Mirbabaevning huquqshunoslik sohasidagi samarali faoliyati, boy ilmiy merosi va ko‘p sonli shogirdlar tarbiyasidagi xizmatlarini yuksak baholadilar.
So‘zga chiqqanlar Baxtiyar Mirbabaevning katta tajribaga yo‘g‘rilgan sermazmun hayot yo‘li, yuridik ilm-fan, oliy ta’lim, davlat boshqaruvi hamda sud-huquq sohalaridagi ko‘p yillik samarali mehnati Vatanimiz ravnaqi, qonun ustuvorligini ta’minlash, milliy huquqiy tizimni takomillashtirish va huquqshunos kadrlar tayyorlashda mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi e’tirof etildi.
B.Mirbabaev mehnat faoliyatini oddiy duradgor sifatida boshlab, umr yo‘lini ilm-fanbilan bog‘ladi. 1971-1982 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq institutining ilmiy xodimi, 1982-1991 yillarda Toshkent davlat yuridik institutida katta o‘qituvchi, dotsent, dekan, prorektor, 1994-1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mamlakatni isloh qilish va yangilashning huquqiy bazasini rivojlantirish hamda takomillashtirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisilavozimlarida samarali faoliyat yuritdi. 1998 yildan Konstitutsiyaviy sud rais o‘rinbosari, Rais lavozimlarida faoliyat yuritib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining shakllanishi va rivojlanishiga, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shib, jamoatchilik orasida hurmat va obro‘-e’tiborga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida Baxtiyar Shamsutdinovich Mirbabaev samimiy tabriklar va bildirilgan yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda huquqshunoslik ilmini yanada rivojlantirish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash har bir olim va mutaxassisning muhim vazifasi ekanligini ta’kidladi.
Tantanali tadbir ishtirokchilari yubilarni qutlab, unga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar. Bu kabi tadbirlar yoshlarga bir qator muhim imkoniyat va saboqlar beradi. Zero, Baxtiyar Mirbabaevning ibrat maktabi, uning davlat arbobi sifatida bosib o‘tgan yo‘li yoshlarda ilm-fanga, mehnatga va kasbiga sadoqat ruhini shakllantiradi.
Huquqshunoslik sohasida yuqori natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatib, talabalar va yosh mutaxassislarni yangi yutuqlarga undaydi. Ustoz-shogird an’analarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakat taraqqiyoti va qonun ustuvorligini ta’minlashga hissa qo‘shish har bir yoshning muhim vazifasi ekanini anglatadi, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytiradi. Huquqshunoslik ilmini rivojlantirish va yangi bilimlarni egallashga intilishni rag‘batlantiradi.
Shu bois, mazkur tadbir nafaqat yubilarning xizmatlarini e’tirof etish, balki yosh avlodni bilimli, vatanparvar va malakali kadrlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi