2026 yilda Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Assotsiatsiyaga 2025–2027 yillardagi raisligi doirasidagi eng muhim xalqaro huquqiy forumlardan biri hisoblanadi.
Bugun O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi tomonidan tashkil etilgan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi a’zo davlatlari Bosh kotiblarining onlayn ishchi majlisida 20 ta davlat, xususan Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston, Ozarbayjon, Indoneziya, Turkiya, Tailand, Iordaniya, Iroq, Hindiston, Rossiya, Koreya, Maldiv, Mongoliya, Malayziya, Myanma, Falastin, Filippin, Pokiston respublikalari konstitutsiyaviy nazorat organlari Bosh kotiblari, devon va kotibiyat rahbarlari, xalqaro aloqalar bo‘linmalari rahbarlari, mas’ul aloqa shaxslari ishtirok etdilar.
Onlayn uchrashuvni Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi 2025 - 2027 yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasiga raislik qilmoqda. Bu biz uchun nafaqat katta sharaf, balki davlatimizga bildirilgan yuksak ishonch, konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi xalqaro nufuzimizning e’tirofi va ulkan mas’uliyatdir, dedi.

Shu ma’noda, Assotsiatsiyaga raislik davrini biz shunchaki tashkiliy jarayon sifatida emas, balki Osiyo konstitutsiyaviy makonida ishonch, ochiqlik, o‘zaro hurmat va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati sifatida ko‘ramiz. Bugungi onlayn ishchi majlis ham ana shu katta maqsad sari qo‘yilayotgan muhim amaliy qadamdir.
Ushbu majlis Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Assotsiatsiya Bosh kotiblari yig‘ilishi, Assotsiatsiya a’zolari Kengashi yig‘ilishi hamda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressiga tayyorgarlik jarayonini birgalikda muhokama qilish, kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashish hamda keyingi hamkorlik qadamlarini kelishib olishdan iborat.

VII Kongressning asosiy mavzusi – “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov: sudyalar mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlashning zamonaviy huquqiy kafolatlari” deb belgilangan.
Zero, bugungi global o‘zgarishlar davrida raqamlashtirish va sun’iy intellekt shiddat bilan hayotimizga kirib kelmoqda. Ammo eng muhim masala shundaki, har qanday texnologiya, har qanday innovatsiya va har qanday raqamli yechim inson manfaatiga, Konstitutsiya ruhiga va adolat g‘oyasiga xizmat qilishi lozim, deya ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi Devoni rahbari N.Said-Gazieva kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bilan tanishtirdi va fikr almashish uchun a’zo davlatlar vakillariga so‘z berdi. Unda quyidagi masalalar

birinchidan, VII Kongress konsepsiyasi va dasturi bo‘yicha takliflarni jamlash;
ikkinchidan, Assotsiatsiya a’zolari Kengashi yig‘ilishi va Bosh kotiblar yig‘ilishi kun tartibini kelishish;
uchinchidan, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, huquqiy tahlil, ma’lumotlar xavfsizligi va kiberxavfsizlik bo‘yicha ma’ruzalarni shakllantirish;
to‘rtinchidan, Samarqand deklaratsiyasi loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalarni qabul qilish masalalari muhokama qilindi.


Kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan Turkiya, Iordaniya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Indoneziya Konstitutsiyaviy sudlari hamda Hindiston, Filippin va Falastin Oliy sudi vakillari o‘z takliflari hamda tavsiyalarini bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi