26 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan “Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Biznes ombudsmanning o‘zaro hamkorligi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatini Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari A.Gafurov kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligiga oid bir qator normalar Asosiy qonunda mustahkamlanganini ta’kidladi.
Konstitutsiyaning 65-moddasida xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilangan.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasiga binoan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega sub’ektlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ham belgilangan.
Bugungi kunda Konstitutsiyaviy sud va Biznes Ombudsman o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, tadbirkorlik sub’ektlaridan kelib tushgan murojaatlar, ularda qonunni qo‘llash amaliyoti yuzasidan qo‘yilgan masalalar bo‘yicha bir necha bor fikrlar almashilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari J.Urunov tadbirkorlar mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, aholini ish bilan ta’minlash va farovonlikni oshirishda hissasi katta ekanini ta’kidladi. Biznes ombudsman tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni ko‘rayotgani hamda tadbirkorlik su’ektlarining qonun hujjatlari hamda sud qarorlariga oid masalalar yuzasidan fikrlashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi A.Rahimov “Konstitutsiyaviy sud islohotlari inson huquq va erkinliklari hamda tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishning muhim sharti” mavzusida ma’ruza qildi. Unda Konstitutsiyaviy sudga fuqaro va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlar o‘rganilib, Konstitutsiyaviy sudning Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilgan 2025 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axborotida ham e’tibor qaratilgani aytildi.
Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi, yuridik fanlari doktori, professor F.Otaxonov “Tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish usullari” mavzusida ma’ruza qilib, mamlakat iqtisodiyoti lokomotivi bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatiga oid qonunchilikni to‘g‘ri qo‘llash dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi. Bunda Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipini qonun normalarini bilan hamohang qo‘llash lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari bilan ishlash sho‘basi mudiri G.Shukurova “Tadbirkorlarni konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlari: tadbirkorlarning murojaatlarini tahlili va hal etilmagan masalalar”ga to‘xtalib, tadbirkorlardan kelib tushayotgan qonunchilikka doir takliflar, fikrlar va masalalar yuzasidan Konstitutsiyaviy sud bilan ishchi guruh tuzgan holda aniq chora-tadbirlar asosida ishlash taklifini bildirdi.
Davra suhbatida ta’kidlandiki, Prezidentning tadbirkorlar bilan har yilgi ochiq muloqotlari an’anaga aylangan bo‘lib, unda ko‘tarilgan soliq, kredit va byurokratik to‘siqlar kabi dolzarb muammolar bevosita hal etiladi. Konstitutsiyaviy sud va Biznes Ombudsman mamlakatdagi qonunlar to‘g‘ri va samarali ishlashi borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishi lozimligi hamda bildirilgan barcha takliflarni muhokama qilish uchun keyingi qadamlar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi