10 iyul kuni O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan “Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda Ombudsman va Konstitutsiyaviy sudning hamkorligini kuchaytirish” mavzuidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyani Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov hamda Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova kirish so‘zi bilan ochdilar.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash, murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman instituti o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilishdan iborat.

Tadbirda Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Advokatlar palatasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari, Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyasi hamda Ilmiy-maslahat kengashlari a’zolari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochib, Konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish va murojaatlarda ko‘tarilayotgan tizimli masalalarni huquqiy jihatdan hal etishda Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova kirish so‘zida fuqarolar murojaatlari davlat organlari faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy manba ekanini, ularni chuqur tahlil qilish orqali qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish mumkinligiga e’tibor qaratdi.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga binoan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar qatorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham belgilangan.
Ma’lumki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti asosiy vazifasi – inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iborat.

Konstitutsiyaviy nazorat sub’ekti sifatida Ombudsman fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar, qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha masalalar kiritdi va Konstitutsiyaviy sud majlisida ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman hamkorligida inson huquqlarini himoya qilish, konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirish va Konstitutsiya normalarini amaliyotga samarali tatbiq etishga bag‘ishlangan qator ilmiy-amaliy anjumanlar va davra suhbatlari tashkil etildi. Ombudsman va uning vakillari Konstitutsiyaviy sudning ochiq sud majlislarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Bu kabi hamkorlik nafaqat ikki institut o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga, balki mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Konferensiya davomida ishtirokchilar tomonidan Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman institutining o‘zaro hamkorligi, murojaatlar tahlili asosida konstitutsiyaviy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni aniqlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman o‘rtasida fuqarolar murojaatlari bo‘yicha axborot almashinuvini yanada tizimlashtirish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma takliflar ishlab chiqish, inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot olib borish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman institutining yaqin hamkorligi fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilish, Konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlash hamda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi