2026-yil 22–23-iyul kunlari Toshkent shahrida «Konstitutsiyaviy sudning insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni» mavzusida xalqaro trening bo‘lib o‘tmoqda.
Trening O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda O‘zbekistondagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) loyihalar koordinatori ofisi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi konstitutsiyaviy odil sudlov orqali insonning asosiy huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish mexanizmlarini muhokama etish, xalqaro ilg‘or tajribani o‘rganish hamda sohadagi professional muloqotni yanada rivojlantirishdan iborat.
Treningni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekistondagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) loyihalar koordinatori ofisi bilan konstitutsiyaviy odil sudlov yuzasidan xorijiy tajribani o‘rganishda Konstitutsiyaviy sud bilan yaqindan xamkorlik qilishini ta’kidladi. 2025-yil 18-dekabrda qabul qilingan PF-253-sonli Prezident Farmonida Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish, elektron sud darajasida faoliyat yuritishga erishish va bunda eng asosiy maqsad insonlar murojaat qilishi uchun qulaylik yaratish, Konstitutsiya normalari ustuvorligini ta’minlashdir.
Shuningdek, O‘zbekistondagi YEXHT Loyihalar koordinatori ofisi loyixalari bo‘yicha xalqaro maslaxatchi Endryu Yurkovskiy trening ishtirokchilarini qutladi hamda Konstitutsiyaviy sud bilan xamkorlik konstitutsiyaviy odil sudlov borasida Yevropa tajribasini yaqinroq o‘rganishga xizmat qilishini aytdi.
Trening dasturiga muvofiq, xalqaro ekspertlar doktor Mattias Xartvig va doktor Mixael Ayxberger tomonidan konstitutsiyaviy nazoratning inson huquqlarini ta’minlashdagi ahamiyati, zamonaviy yondoshuvlar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Treningning birinchi kuni davomida ishtirokchilar inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimida davlat boshqaruvi organlari, umumiy yurisdiksiya sudlari, ombudsman institutlari hamda Konstitutsiyaviy sudning o‘rni hamda o‘zaro hamkorligi, shuningdek Konstitutsiyaviy sudning siyosiy jarayonlar bilan munosabati, konstitutsiyaviy nazorat chegaralari kabi masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, inson qadr-qimmati, yashash huquqi, mulk huquqi, adolatli sud muhokamasi huquqi hamda ijtimoiy huquqlarning konstitutsiyaviy kafolatlari bo‘yicha xalqaro va qiyosiy-huquqiy tajriba tahlil qilindi.
Treningning amaliy qismida Yevropa davlatlari Konstitutsiyalari normalari ijrosi xamda Yevropa komissiyasi, Yevropa parlamenti, Yevropa sudlari qarorlari ijrosi o‘rtasidagi aniqlashtiruvchi masalalar, ijtimoiy minimum kafolatlari, ifoda erkinligi, adolatli sud muhokamasi huquqi, telefon suhbatlarini tinglash kabi dolzarb huquqiy masalalar yuzasidan Konstitutsiyaviy sudlar amaliyoti asosida tayyorlangan keyslarni ko‘rib chiqdilar.
Ko‘rib chiqilgan mavzular doirasida har bir mavzu yuzasidan ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot va savol-javoblar tashkil etilib, muhokama qilingan mavzular bo‘yicha fikr va takliflar almashildi.
Mazkur xalqaro trening konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish hamda sohadagi ilg‘or tajribani milliy amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyaviy sudi