eye
Konstitutsiyaviy sud va O‘zbekistondagi YXHT loyihalari koordinatori ofisi hamkorligida tashkil etilgan trening o‘z ishini davom ettirdi

Bugun «Konstitutsiyaviy sudning insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni» mavzusidagi trening ikkinchi kunida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashda konstitutsiyaviy odil sudlovning rolini kuchaytirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining zamonaviy yondashuvlari va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, mazkur sohadagi mutaxassislar o‘rni va roliga oid mavzular ko‘rib chiqildi.

Germaniyaning taniqli huquqshunoslari Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining sobiq sudyasi, professor Mixael Ayxberger hamda Geydelberg shahridagi Maks Plank institutining konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha yetakchi eksperti doktor Mattias Xartvig Germaniya Konstitutsiyaviy sudi qonunchiligi va amaliyoti yuzasidan ma’ruzalar qildilar.  

Treningning birinchi qismida Konstitutsiyaviy sudda ish yuritish turlari, yakka tartibdagi konstitutsiyaviy shikoyat instituti, jismoniy shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqini amalga oshirishning huquqiy asoslari, konstitutsiyaviy nazorat ob’ekti hisoblangan hujjatlar, huquqiy himoyaning milliy vositalaridan to‘liq foydalanish talabi hamda sud yig‘imlariga oid huquqiy masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Treningning ikkinchi qismi Konstitutsiyaviy sudda ishlarni ko‘rib chiqish tartibiga bag‘ishlanib, unda og‘zaki eshituvlar va yozma ish yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari, advokat orqali vakillik, ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlash, ekspertlarning ishtiroki hamda amicus curiae institutining konstitutsiyaviy odil sudlovdagi ahamiyati xususida ma’ruzalar taqdim etildi va amaliy muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud qarorlarini tayyorlash amaliyotiga bag‘ishlandi. Xususan, sudyalarning maslahatlashuv tartibi, sudya yordamchilarining roli, Konstitutsiyaviy sudning avvalgi huquqiy pozitsiyalariga havola qilish amaliyoti, milliy va xorijiy sudlar qarorlaridan foydalanish hamda sud qarorlarining mazmuni va tuzilishiga qo‘yiladigan zamonaviy talablar muhokama qilindi.
Trening doirasida ishtirokchilar inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy va xalqaro tajribalar yuzasidan o‘zaro fikr almashib, qizg‘in savol-javoblar asosida amaliy tajribalar muhokama qilindi. 
Tadbirda insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudning o‘rnini yanada mustahkamlash, konstitutsiyaviy odil sudlovning samaradorligini oshirish va mazkur sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Trening yakunida ishtirokchilarga «Konstitutsiyaviy sudning insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni» mavzusidagi o‘quv kursini tugatganligi haqida sertifikatlar topshirildi.
Mazkur trening O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekistondagi YeXHT Loyihalari koordinatori ofisi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib, konstitutsiyaviy odil sudlov va konstitutsiyaviy shikoyat instituti borasidagi ilg‘or xorijiy amaliyotni o‘rganish, tajriba almashish,  hamda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish