eye
Konstitutsiyaviy sud hamda Mudofaa vazirligi hamkorligida Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2026 yil 1 apreldagi  “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimizda an’anaga aylangan har payshanba – “Yoshlar kuni” munosabati bilan poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “Mustaqillikning 35 yilligi – Yangi O‘zbekiston yoshlari nigohida” shiori ostida ma’rifiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Mudofaa vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Konstitutsiyaviy sud sudyalari va devon xodimlari, Mudofaa vazirligi mas’ullari, faxriylar, mahalla yoshlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.


Tadbir avvalida ishtirokchilar va yoshlar majmua hududida bunyod etilgan “Millat fidoyilari” yodgorligi poyiga hurmat-ehtirom ramzi sifatida gulchambarlar qo‘yib, yurt tinchligi va Vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasini yodga oldilar.
Shundan so‘ng tashrif buyuruvchilar uchun “Millat fidoyilari” xiyoboni bo‘ylab sayohat uyushtirilib, yoshlarga ushbu xotira maydonining yaratilish tarixi, ramziy ma’nolari va me’moriy yechimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan qad rostlagan ushbu yodgorlik majmuasi mustaqillik yillarida ona yurtimiz sarhadlariga uyushtirilgan terrorchilik xurujlariga qarshi kurashda, shuningdek, o‘z harbiy va xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining o‘chmas xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan.
Mazkur majmua Davlat bayrog‘idagi yarim oy va 12 ta yulduz ko‘rinishida loyihalashtirilgan. Markazida “Ota — davlat, Ona — Vatan” g‘oyasini mujassam etgan Ota va Ona siymosi qad rostlagan. Ularning atrofidagi muqaddas arka, tishlangan non, sog‘inch maktublari, beshik hamda mardlik ramzi bo‘lgan sher timsollari boy milliy qadriyatlarimizdan so‘z ochadi.
Majmuaning barelef kompozitsiyasida Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuratura, Sud tizimi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Prezident davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligining jasur xodimlari, ularning jangovar va insoniy jasorati aks ettirilgan.
Ushbu xiyobondagi yulduzlarning bir tarafiga Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar vatandoshimizning nomlari alifbo tartibida muhrlangan. Ikkinchi tarafidagi 60 ta zamonaviy monitorda esa ularning hayoti va faoliyati haqidagi video va fotomateriallar muntazam namoyish etiladi.


E’tiborlisi, “G‘alaba bog‘i” va uning tarkibidagi “Millat fidoyilari” majmuasi bugungi kunda yoshlarning ma’naviy va tarixiy bilimlarini boyitadigan, vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘shtiradigan eng sevimli maskanlaridan biriga aylanib ulgurgan. Har payshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Yoshlar kuni” doirasida bu yerga keluvchi yigit-qizlar Vatan tarixini yanada chuqurroq anglamoqdalar.


Sayohat davomida Konstitutsiyaviy sud sudyalari va mutaxassislari yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazib, ularga Konstitutsiya, adolat mezonlari, davlatchilik asoslari va inson huquqlarini himoya qilishning ahamiyati haqida hayotiy misollar orqali tushunchalar berdilar hamda ularning savollariga batafsil javob qaytardilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bu kabi ma’rifiy uchrashuvlar yosh avlod qalbida mas’uliyat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Matbuot xizmati

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish