6-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida kiritgan O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini Konstitutsiyaviy sud tomonidan himoya qilinishining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
18-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF–253-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasining asosiy maqsadi – Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, Konstitutsiyaviy sud qarorlarining sud amaliyotida samarali ijrosini kafolatlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini ta’minlash hamda sud qarorlarining qonuniyligi va adolatliligini oshirishdan iborat.
Mazkur hujjat inson huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini hamda Konstitutsiyaviy sud qarorlarining sud amaliyotida samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Qonunda sudlar tashabbusi asosida Oliy sud tomonidan muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi masalasi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat kiritilganda, tegishli ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish mexanizmi belgilanmoqda.
Shuningdek, muayyan sud ishida qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish uchun protsessual asos yaratilmoqda.
Qonun normalari sud amaliyotida huquqiy aniqlikni ta’minlashga, buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni tiklash imkoniyatlarini kengaytirishga, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga hamda Konstitutsiyaviy sud qarorlarining sud amaliyotida samarali ijrosini kafolatlashga xizmat qilishi belgilangan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Matbuot xizmati