20 avgust kuni O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi hamda Xalqaro Shaxmat Akademiyasi hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yoshlar ishtirokida “UzChess” platformasi va olimpiya formatida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Tadbir Xalqaro Shaxmat Akademiyasi binosida tashkil etildi va unda Konstitutsiyaviy sudi sudyalari, xodimlari, O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasi vakillari hamda yosh shaxmat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi – yoshlarda strategik va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, intellektual salohiyatni yuksaltirish, sport va huquqiy madaniyatni uyg‘unlashtirish, shuningdek, yosh avlod qalbida Mustaqillikni qadrlash tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda Konstitutsiyada mustahkamlangan inson qadri, huquq va erkinliklari, ma’naviy va madaniy qadriyatlar hamda adolat g‘oyalarini sport va intellektual rivojlanish bilan uyg‘un holda targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilangan. Konstitutsiyaning 79-moddasida esa davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi nazarda tutilgan.
Shaxmat turniri ana shu konstitutsiyaviy normalarning amaliy ifodasi sifatida yoshlarni intellektual sportga keng jalb etish, ularning strategik fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbirning ochilish marosimida Xalqaro Shaxmat Akademiyasi va O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi rahbariyati vakillari ishtirok etib, Mustaqillikning 35 yilligi, mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda shaxmat sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarga to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi PQ-4954-son, 2022 yil 5 avgustdagi PQ-347-son hamda 2023 yil 8 maydagi PQ-150-son Qarorlari shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston madhiyasi yangradi va ishtirokchilarga “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi kubogi” musobaqasi Nizomi qoidalari tushuntirilib start berildi.

Musobaqasida 45 nafar bolalar, o‘smirlar va yoshlar ishtirok etib, “UzChess” platformasi va olimpiya formatida 7 turdan iborat shveysarcha tizimda rapid yo‘nalishida shaxmat o‘ynadilar.

Musobaqa yakunlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi kubogi” 1, 2 va 3-o‘rinlar g‘oliblariga tantanali topshirildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar hamda O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasiga va Xalqaro Shaxmat Akademiyasiga musobaqani yuqori saviyada o‘tkazishda ko‘rsatgan amaliy hamkorligi hamda yoshlar o‘rtasida shaxmat sportini yanada ommalashtirish, ularning intellektual salohiyatni yuksaltirishda qo‘shayotgan munosib hissasi uchun Tashakkurnoma topshirildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning intellektual rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarning uzviy davomi hamda nafaqat shaxmat musobaqasi, balki strategik tafakkur, adolat va sog‘lom raqobat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’rifiy-sport tadbiri sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Matbuot xizmati