eye
O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi Batumidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

2026 yil 4-6 noyabr kunlari Gruziyaning Batumi shahrida Gruziya Konstitutsiyaviy sudi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan «Huquqiy davlatda konstitutsiyaviy nazoratning roli» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Tadbirni tantanali ochilish marosimida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosh vazir Irakliy Kobaxidze, Parlament raisi Shalva Papuashvili, Oliy sud raisi Nino Kadagidze, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi raisi Mattias Giyomar ishtirok etdi.
Shuningdek, konferensiyada 17 davlatdan konstitutsiyaviy sudlar va ularga tenglashtirilgan institutlar vakillari, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi sudyalari, Gruziyaning oliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, huquqshunos olimlar va xalqaro ekspertlar qatnashdi.

Anjuman Yevropa va Osiyo konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari o‘rtasida professional muloqot uchun muhim maydon bo‘ldi. Konferensiya doirasida 2 ta tematik sessiya va 17 ta asosiy ma’ruza o‘tkazilib, konstitutsiyaviy nazoratning zamonaviy modellari, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish, sudyalar mustaqilligi, konstitutsiyaviy shikoyat, sud qarorlarining ijrosi, raqamlashtirish hamda sun’iy intellektdan sud tizimida foydalanish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov o‘z ma’ruzasida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining markazida inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklar, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda adolat prinsiplari turganini ta’kidladi.

Shuningdek, 2023 yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya, konstitutsiyaviy odil sudlovni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan islohotlar, shuningdek Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’ruzada sun’iy intellektdan sud tizimida foydalanish masalasiga to‘xtalib, «sun’iy intellekt sudyaga yordam berishi mumkin, ammo uning o‘rnini bosa olmaydi», degan fikr ilgari surildi. Sudyaning mustaqil huquqiy tafakkuri, vijdoni va shaxsiy mas’uliyati yakuniy qaror qabul qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Konferensiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi IV seksiyasi raisi Lado Chanturiya, Belgiya Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi raisi Per Niul va Bolgariya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Pavlina Panova bilan professional muloqotlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish, sud amaliyoti sohasida tajriba almashinuvini kengaytirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasining Batumi konferensiyasidagi ishtiroki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni xalqaro hamjamiyatga keng taqdim etish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish