eye
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 324³⁹-moddasi oltinchi qismining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi masalasi ko‘rib chiqildi

2026 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Advokatlar palatasi, Odil sudlov akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning ishonchli vakili A. Boltaev, “LAWFULL” advokatlik firmasi advokati A. Raximov, tegishli davlat organlari vakillari va Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 32439-moddasi oltinchi qismining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28, 54 va 55-moddalariga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi. 

Murojaatchilar Konstitutsiyaviy suddan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 32439-moddasi oltinchi qismining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirishni so‘raganlar. Shuningdek, Biznes-ombudsman murojaatida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish taftish tartibida Oliy sud sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilishi va uning qarori ustidan shikoyat qilish imkoniyati mavjud emasligi, boshqa sud ish yurituvlarida taftish instansiyasi qarorlarini qayta ko‘rib chiqish mexanizmlari mavjud bo‘lgani holda, ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bunday imkoniyatdan mahrum qilinganligi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlariga zid ekanligi, ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsning aybdorligi borasida taftish instansiyasida qolgan shubhalar yuqori turuvchi sud instansiyasi tomonidan tekshirilmasdan uzil-kesil hal etilishi aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini buzishi hamda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishni qayta ko‘rib chiqishni so‘rash muddati cheklanganligiga oid vajlar keltirilgan.

Ishni ko‘rib chiqish jarayonida qayd etilishicha, Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qarorining uzil-kesilligi sud orqali himoyalanish huquqini buzmaydi, chunki bu huquq birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarida amalga oshiriladi. Shuningdek, qonunchilikda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Taftish instansiyasi ishni Oliy sud darajasida ko‘rib chiqadi, shikoyat vajlari bilan cheklanmasdan, qo‘shimcha dalillarni inobatga olgan holda ishni to‘liq hajmda tekshiradi, sud qarorlarining qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini baholaydi. Bunda shaxs sud majlisida ishtirok etish, tushuntirishlar berish va iltimosnomalar bildirish huquqlariga ega.

Sud majlisida Konstitutsiyaviy sud sudyasi A. Raximovning ma’ruzasi, Odil sudlov akademiyasi rektori Sh. Abduqodirovning ko‘rilayotgan ish yuzasidan fikri hamda “LAWFULL” advokatlik firmasi advokati A. Raximovning qo‘shimcha tushuntirishlari tinglandi. 

Konstitutsiyaviy sud bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, tekshirilayotgan norma shaxsni sud himoyasidan mahrum qilmasligini hamda sud xatolarini tuzatishning yetarli kafolatlari mavjud bo‘lgan sharoitda huquqiy aniqlik manfaatlari bilan shaxsning huquqlarini himoya qilish o‘rtasida mutanosib muvozanatni ta’minlashini e’tirof etdi. 

Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 133-moddasi birinchi qismining 1-bandi, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni 4-moddasi birinchi qismining 1-bandi va ikkinchi qismi, 81, 82, 83, 84, 97 va 102-moddalariga amal qilingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 32439-moddasi oltinchi qismini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28, 54 va 55-moddalariga muvofiq deb topdi. Konstitutsiyaviy sud qarori qonunda belgilangan tartibda e’lon qilinadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish