2024 yil 24 may kuni boʼlib oʼtgan uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Аbdusalomov, Konstitutsiyaviy sud sudyalari va ekspertlari ishtirok etdi.
Konstitutsiyaviy sud raisi M.Аbdusalomov uchrashuv ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan tanishtirib, “Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʼgʼrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning asosiy qoidalari shuningdek, Qonunda belgilangan fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibi toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berdi. Konstitutsiyaviy shikoyat institutining joriy etilishi mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashuviga va konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Qonun bilan Konstitutsiyaviy sudning inson huquqlarini himoya qilishdagi roli kengaytirilganiga urgʼu berib, Inson huquqlari boʼyicha Milliy markaz, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʼyicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqi berilganligi taʼkidlandi.
Suhbat davomida, Konstitutsiyaviy sud hamda YeXHT bilan hamkorlikdagi 2023-2024 yillarda “Oʼzbekiston Respublikasida konstitutsiyaviy shikoyat institutini takomillashtirishga koʼmaklashish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, 2024 yil 27-29 may kunlari YeXHT bilan hamkorlikda Konstitutsiyaviy sud xodimlari uchun “Konstitutsiyaviy odil sudlovni taʼminlash. Konstitutsiyaviy sud faoliyatining dolzarb masalalari va ustuvor yoʼnalishlari” mavzusida seminar-trening tashkil etilishi bilan bogʼliq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Elchi Аntti Karttunen Konstitutsiyaviy sud va YeXHT oʼrtasida amalga oshirilayotgan Loyiha yuzasidan ijobiy fikr bildirib, kelgusida oʼzaro xamkorlikni yanada rivojlantirish boʼyicha barcha imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Uchrashuv soʼngida Elchi Аntti Karttunen oʼzaro samimiy suhbat uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida Konstitutsiyaviy sud bilan 2025-2026 yillarga moʼljallangan “Yoʼl xaritasi” doirasida hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi. Uchrashuv samimiy va doʼstona vaziyatda oʼtdi.
Oʼzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi