2025 yilning 27 may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida Tashkent International University yurisprudentsiya yoʼnalishi talabalari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari K.Komilov, А.Raximov va K.Davletova hamda universitetning oʼqituvchi va talabalari ishtirok etdi. Konstitutsiyaviy sud sudyalari tomonidan talabalarga “Konstitutsiyaviy sud vakolatlari va sudyasining maqomi”, “Konstitutsiyaviy sudning boshqa davlat organlari bilan oʼzaro aloqalari” hamda “Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy printsiplari va murojaatlarni koʼrib chiqish tartibi” mavzularida maʼruzalar oʼqildi.
Maʼruzalar mazmun-mohiyatidan kelib chiqib Yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari, konstitutsiyaviy odil sudlovni amalga oshirish jarayonlari, konstitutsiyaviy shikoyat instituti, fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqi va talablari haqida fikrlar bildirildi.
Uchrashuv samimiy muloqot shaklida oʼtdi, kelgusi faoliyatda huquqshunos kadrlarni tayyorlashda nazariy fanlar bilan birga amaliy dars jarayonlarini uygʼun holda olib borish maqsadga muvofiq ekanligi haqida kelishib olindi.
Oʼzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi