eye
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligiga bagʼishlangan xalqaro konferentsiyada ishtirok etdi

2025 yil 16 iyulь, Boku shahri

Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganiga 30 yil toʼlishi munosabati bilan Boku shahrida “Konstitutsiyaviy odil sudlov orqali Konstitutsiyaning ustuvorligini taʼminlashning zamonaviy tendentsiyalari” mavzusida xalqaro konferentsiya boʼlib oʼtdi.

Konferentsiyada 11 dan ortiq davlatlarning konstitutsiyaviy odil sudlov organlari, xalqaro tashkilotlar va akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.

Konstitutsiyaviy odil sudlovning global rivojlanish tamoyillari, Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash mexanizmlari, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish borasida maʼruzalar tinglandi.

Mazkur nufuzli anjumanda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulugʼbek Аbdusalomov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi oʼz maʼruzasida mamlakatimizda soʼnggi yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar hamda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga alohida toʼxtalib oʼtdi. 

Аnjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash, shuningdek, Konstitutsiyaning toʼgʼridan-toʼgʼri amal qilishi va sudlar mustaqilligini taʼminlash, konstitutsiyaviy odil sudlovni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berdi.

Konferentsiya yakunlariga koʼra, ishtirokchi davlatlar oʼrtasida konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida hamkorlikni mustahkamlash hamda Konstitutsiyaning ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni uygʼunlashtirish yuzasidan hamkorlikni yoʼlga qoʼyishga kelishib olindi.

Oʼzbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish