2025 yil 20 oktyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-308-sonli Qarori imzolandi.
Mazkur Qaror mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʼliq va samarali foydalanish, taʼlim tashkilotlarida oʼzbek tilini oʼqitish tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, xalqaro miqyosdagi oʼrni va nufuzini kengaytirishga qaratilgan.
Qarorning asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi:
- mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʼliq va samarali foydalanishga erishish;
- taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʼqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
- davlat tilining sofligini saqlash va uning lugʼat boyligini muntazam oshirib borish;
- davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, bu borada sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
- davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʼrni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
- mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning davlat tilini oʼrganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
Shuningdek, Qarorda 2020-2030 yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlangan.
2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xoʼjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʼyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
Qarorda bir qator davlat organlari, tashkilot va idoralarga aniq vazifalar belgilandi.