2025 yil 31 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Konstitutsiyaviy sud tomonidan kiritilgan “Kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi paralamentga Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan. Mazkur qonun fuqarolar, ayniqsa kam taʼminlangan shaxslar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilinganda, ularga davlat hisobidan malakali yuridik yordam koʼrsatish huquqini huquqiy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutadi.

Qonun jismoniy shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam koʼrsatishni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Mazkur Qonunga asosan Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat qilgan fuqaroning iltimosiga koʼra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida”gi qonunga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʼradi. Kam taʼminlangan shaxslar, agar ular muayyan ishda sud tomonidan oʼziga nisbatan qoʼllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʼgʼrisida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etsa, ular davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʼladi.
Senat tomonidan maʼqullagan qonun Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan – har kim oʼz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli degan normaning ijro qilinishiga xizmat qiladi. Fuqarolarning buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatining kengayishiga zamin yaratadi.
Oʼzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi