10 noyabr kuni Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi Prezidenti, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti, professor doktor Nakharin Mektrayrat boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov, rais o‘rinbosari A.Gafurov, sudyalar K.Kamilov, A.Raxmanov, Devon xodimlari H.Abduraxmanov va Sh.Isakulovlar ishtirok etdi.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi munosabati bilan tashrif buyurganlar.
Xalqaro konferensiya doirasida Tayland Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan 2026-2027 yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raislik qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga topshirilishi kutilmoqda.
Uchrashuvda 2026-2027 yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raislik qilishi masalasi, bunda Rais barcha xalqaro tarbirlarda OKSA nomidan chiqish qilishi, shuningdek raislik qilish davomida a’zo davlatlar ishtirokida Kongress va Sammit o‘tkazilishi haqida muhokama qilindi.
Tashkil etiladigan tadbirlar OKSAning bugungi kunda a’zo bo‘lgan 22 davlatlari o‘rtasida muhokama qilinishiga oid jarayonlar haqida fikrlar almashildi. Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti, professor doktor Nakharin Mektrayrat: “Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi nomidan, Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi raisligini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga rasman topshirish marosimida ishtirok etish men uchun sharafdir.
Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar Assotsiatsiyasi a’zolari o‘rtasidagi hamkorligimiz mustahkam bo‘lishini, konstitutsiyaviy odil sudlov barcha uchun barqaror va farovon kelajak yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishda davom etishini tilab qolaman”, deb fikr bildirdi.

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov Assotsiatsiyaga raislik qilish O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga o‘tishi mamlakatimiz uchun sharaf ekani, bu konstitutsiyaviy odil sudlovni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi, 2026-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisligida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar Assotsiatsiyasi tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish, buning uchun a’zo davlatlar bilan samarali ishlashni tashkil etishi haqida fikrlar bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi