eye
Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy Universitetida bo‘ldi

Bugun, 14 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti hamda Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi (AACC) sobiq raisi Nakxarin Mektrairat boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Asqar G‘afurov  hamrohligida tashrif buyurdi. 

Uchrashuvni O‘zMU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov tegishli fakultet dekanlari va bo‘lim boshliqlari bilan birgalikda olib bordi. 

Ishtirokchilarga universitet faoliyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasida imzolangan Hamkorlik Memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudining xalqaro yo‘nalishdagi ishlari haqida fikr almashdilar.

Suhbat davomida asosan huquqshunoslik fanlariga e’tibor, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish, xalqaro huquq bo‘yicha fikr yuritish, O‘zMU va Tailand oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, huquqshunoslik yo‘nalishidagi professor-o‘qituvchilarni kelgusida stajirovkalarga jalb etish, akademik mobillik, qo‘shma loyihalar va qo‘shma dasturlar bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida Tailandning Thammasat universiteti rektori tomonidan ilgari surilgan taklifga muvofiq, kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ikki tomonlama muvofiqlashtiruvchilar tayinlandi va hamkorlikning keyingi bosqichlari haqida kelishib oldilar. 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi

 

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish