Bugun Konstitutsiyaviy sudda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–253-son Farmoni 4 va 20-bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaviy sud huzurida tashkil etilgan Ekspertlar guruhining majlisi bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar guruhi tarkibiga Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz vakillari va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari kiritildi.

Ekspertlar guruhi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF 253-son Farmon talablaridan kelib chiqib qonun loyihasini ishlab chiqish, xususan loyihada fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini qabul qilish, ko‘rib chiqish, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, xulosa va qarorlarni qabul qilish kabi protsessual masalalarni o‘z ichiga olgan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni tartibga soluvchi normalarni kiritish to‘g‘risida takliflarni ishlab chiqish belgilandi.

Farmonda belgilangan vazifalarni (https://lex.uz/docs/7926640) bajarish maqsadida fuqarolardan qonun loyihasini ishlab chiqishda o‘z taklif va tavsiyalarini Konstitutsiyaviy sudning rasmiy elektron manzili (info@ksu.uz)ga yuborishlarini so‘raymiz.