2026 yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2025 yil davomidagi ish faoliyati, 2026 yilning birinchi yarmida amalga oshiradigan ish rejasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining emblemasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi masalalar ko‘rib chiqildi.
2025 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyati asosan qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga mosligini o‘rganish va tahlil qilishga, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Konstitutsiyaga mosligini o‘rganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ish rejasida belgilangan tashkiliy-ma’rifiy tadbirlarni bajarishga qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da hamda 2025 yil 30 yanvardagi PF 16-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish Konstitutsiyaviy sud faoliyatida ustuvorlik kasb etdi. Shuningdek, ushbu hujjatlar asosida Konstitutsiyaviy sudning ish rejasi ishlab chiqilib, unda tegishli bandlar ijrosi, ularni amalga oshirish shakli, ijro muddati, ijro uchun mas’ul shaxslar belgilab olindi.
2025 yilda Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar yuzasidan 9 ta majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlislarda 20 tadan ziyod masala ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-253-sonli Farmoni mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik hujjat hisoblanadi. Ushbu Farmon “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlardan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sudning davlat va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, uning inson huquqlarini himoya qilishdagi ta’sirchanligini oshirish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
2025 yilda Konstitutsiyaviy sud sudyalari va ekspertlari tomonidan qonunlarning, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi tizimli ravishda o‘rganilib, tahlil qilib borildi.
2025 yil davomida Konstitutsiyaviy sud tomonidan jami 476 ta normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligi o‘rganib chiqildi. Shundan, 81 qonun (5 tasi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 83 ta farmoni, 124 ta qarori, 40 ta farmoyishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 9 ta qonuni, Vazirlar Mahkamasining 139 ta qarori tashkil etadi.
2025 yilda Konstitutsiyaviy sud majlisida 4 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ular yuzasidan 3 ta qaror va 1 ta ajrim qabul qilindi. Xususan, 2025 yil 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismining O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga sharh berish haqidagi ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
2025 yil 14 iyul kuni “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish masalasi sud majlisida ko‘rib chiqildi.
2025 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini tasdiqlash masalasi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2024 yilda “Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axboroti”da ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning ijrosini ta’minlashda davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek Konstitutsiyaviy sudning 2025 yilda “Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axboroti”da amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 24 ta taklif va tavsiyalar berildi.
2025 yilda Konstitutsiyaviy sudga taklif berish va kelishish uchun yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan, xususan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish va sud sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori loyihalari, “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasidagi sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida sudlar faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlandi va tegishli tashkilotlarga yuborildi.
2025 yil davomida Konstitutsiyaviy sudga jami 1844 ta murojaat kelib tushgan (238 tasi takroriy, 276 tasi dublikat murojaatlar). Shundan, 446 tasi Konstitutsiyaviy sudga bevosita yuborilgan. Murojaatlarning 1398 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi (www.murojaat.gov.uz) orqali kelib tushgan. Murojaatlarning 1747 tasi jismoniy shaxslar, 97 tasi yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan.
Murojaatlarning 262 tasi - 14,2% (59 tasi sharh, 159 tasi huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, 44 tasida esa tushuntirish so‘ralgan) bevosita Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga tegishli masalalarga oid bo‘lib, ular Konstitutsiyaviy sud sudyalari tomonidan o‘rganib chiqilib, mualliflarga asoslantirilgan tushuntirishlar berilgan.
Murojaatlarning tahlillari shuni ko‘rsatdiki, 825 ta murojaat umumyurisdiksiya sudlarining qarori va tergovga oid, 48 – mansabdor shaxsning xatti-harakatlariga, 40 – uy-joyga, 33 – ishga va o‘qishga tiklashga, 10 – pensiya ta’minotiga, 19 – murojaat fuqarolikka, 607 tasi esa boshqa (kredit olish, moddiy yordam berish, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalardan ozod qilish, ish haqini undirib berish kabi) masalalarga taalluqlidir.
Murojaatlarning hududlar bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatdiki, Toshkent shahridan 297 ta, Qashqadaryo viloyatidan 227 ta, Xorazm – 201 ta, Surxondaryo – 163 ta, Namangan – 153 ta, Samarqand – 143 ta, Toshkent – 114 ta, Farg‘ona – 114 ta, Andijon – 95 ta, Jizzax – 86 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 68 ta, Navoiy – 61 ta, Buxoro – 59 ta, Sirdaryo – 55 ta va elektron pochta orqali 8 ta murojaat kelib tushgan.
2025 yilda Konstitutsiyaviy sudda 122 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning vakillari sudyalar va ekspertlar tomonidan qabul qilindi, ularning murojaatlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Konstitutsiyaviy sudda “Fuqarolarning onlayn qabuli” telegramm messenjeri orqali 40 ga yaqin fuqarolarni murojaatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Konstitutsiyaviy sudning axborot siyosati yo‘nalishida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda faoliyatiga oid ma’lumot, axborotlarni keng auditoriyaga taqdim etish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari muntazam olib borildi. 2025 yil davomida ommaviy axborot vositalarida (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) sudyalar va xodimlar tomonidan jami 296 ta chiqishlar qilindi. Shundan gazeta va jurnallarda maqolalar – 106 ta, televidenie, radioda intervyular – 71 ta, veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar 119 tani tashkil qiladi.
Huquqiy targ‘ibot tadbirlarida Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mazmun-mohiyati, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun va Konstitutsiyaviy sud faoliyati, konstitutsiyaviy nazorat va konstitutsiyaviy shikoyat institutini qo‘llashga oid tushuntirishlar berilgan.
Xususan, 2025 yil 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi va unda ko‘rilgan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismlarining Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga sharh berish to‘g‘risidagi masala “Xalq so‘zi” gazetasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi va Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
2025 yilning 27 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari va O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv tafsilotlari Konstitutsiyaviy sud va Akademiya veb-saytida yoritildi.
2025 yilning 7 mart kuni Konstitutsiyaviy sudda Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Konstitutsiyaviy sudda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 10 nafar xotin-qizlarni bayram bilan qizg‘in qutlab, ular faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish va takomillashtirishda hissa qo‘shayotganlari, xotin-qizlar samarali faoliyat yuritishlari uchun uchun zarur sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lishi ta’kidlandi hamda tadbir veb-saytda yoritildi.
2 aprel kuni Konstitutsiyaviy sud va Toshkent Davlat yuridik universiteti o‘rtasidada imzolangan hamkorlik Memorandumi doirasida katta ekspertlar K.Xamidova va Sh.Majidov tomonidan talabalarga “Konstitutsiyaviy sud maqomi va vakolatlari” mavzusida master-klass o‘tildi.
17-18 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bilan hamkorlikda “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: O‘zbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Tadbir mazmun-mohiyati TV, radio, matbuot va internet nashrlarda keng yoritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan 2025 yil 28 aprel kuni Farg‘ona davlat universitetida “Konstitutsiya va yoshlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Konstitutsiyaviy sud sudyasi K.Kamilov yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi, undagi yangi normalar, Konstitutsiyaviy sud faoliyati, vakolatlari haqida ma’ruza qildi.
29 aprel kuni Konstitutsiyaviy sud vakillari Farg‘ona viloyati sudlarida bo‘lib, viloyat umumyurisdiksiya sudlari hamda ma’muriy sudi sudyalari ishtirokida “Ayrim ishlar ko‘rilishida Konstitutsiya normalarini qo‘llash masalalari va sudlar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda viloyatdagi barcha tuman va shahar sudyalari ishtirok etdi. Uchrashuvda sud ishlarini ko‘rishda konstitutsiyaviy normalarni qo‘llash tartibi va bu boradagi xorijiy amaliyot to‘g‘risida fikr almashindi, odil sudlovni amalga oshirishda yangi tahridagi Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Farg‘ona viloyatida tashkil etilgan tadbirlar haqida “Fargona MTRK” viloyat TV, Konstitutsiyaviy sud va Universitet veb-saytlarida yoritildi.
2025 yilning 1 may kuni Konstitutsiyaviy sudda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi asosida tashkil etilgan “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyoti va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursi tinglovchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv haqida Konstitutsiyaviy sud hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi veb-saytlarida yoritildi.
2025 yilning 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 70-umumta’lim maktabida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, sud faxriysi B.Mirbabaev mehnat faoliyati va bosib o‘tgan umr yo‘liga bag‘ishlangan “Ibrat maktabi” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Konstitutsiyaviy sud sudyalari va xodimlari, Sudyalar oliy kengashi sudyalari hamda maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbir “Yoshlar” telekanali hamda Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar oliy kengashi veb-saytlarida yoritildi.
2025 yilning 27 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida Tashkent International University yurisprudensiya yo‘nalishi talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Konstitutsiyaviy sud sudyalari Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi va vakolatlari, Konstitutsiyaviy sudning boshqa davlat organlari bilan o‘zaro aloqalari hamda Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi haqida batafsil gapirib berdilar. Uchrashuv tafsilotlari Konstitutsiyaviy sud veb-saytida yoritildi.
2025 yilning 26 iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida 27 iyun - Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda O‘zbekiston Milliy Media birlashmasi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi.
2025 yil 8 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi raislari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniya hamda O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi o‘rtasida “O‘zbekiston sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish, ularning mazmun-mohiyati bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirib borishga qaratilgan idoralararo Media-reja” tasdiqlandi. Media-reja 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
2025 yil 11 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya doirasida 2026-2027 yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raislik qilish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga topshirildi. Shu munosabat bilan Assotsiatsiyaning ramziy bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga topshirish marosimi TV, radio, matbuot va internet tarmoqlarida keng yoritildi.
YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda 2025 yil 18-20 noyabr kunlari “Yevropa standartlari va qonunchilikni konstitutsiyaviy nazorat qilish modellari” mavzusida trening tashkil etildi. Tadbir tafsilotlari “O‘zbekiston 24” telekanali axborot ko‘rsatuvida hamda Konstitutsiyaviy sud va YeXHT veb-saytlarida yoritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi F-60-son Farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz uch yilligini munosib darajada nishonlash, Asosiy qonunda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining F-60-son Farmoyishi ijrosini samarali ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining 2025 yil 24 noyabrdagi 68-son Farmoyishi asosidagi Dasturning 9, 13, 15, 37, 38 va 50-bandlari ijrosini samarali tashkil etish va muddatida ijro qilish maqsadida Ishchi guruh tuzildi hamda Chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Konstitutsiya normalari asosida hamda Prezident Farmoyishining tegishli bandlari mazmuni va yo‘nalishlaridan kelib chiqib, Dasturning 13 va 15-bandlari ijrosi yuzasidan bir qator tashkiliy-huquqiy va amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi hamda Konstitutsiyaviy sud sudyalari va Devon xodimlari telemuloqotlarda, davra suhbatlari va uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari, Konstitutsiyaviy sud va “O‘zArxiv” agentligi hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixiga bag‘ishlangan arxiv hujjatlarining ko‘rgazmasi” tashkil etildi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari va Devon xodimlarining maqolalari “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarida nashr etildi. Shuningdek, “Odil sudlov Pravosudie” va “Jamiyat va boshqaruv” jurnallarida, “Doverie” gazetasida, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami hamda O‘zbekiston milliy axborot agentligining Uza.uz portalida chop etildi.
Konstitutsiya normalari, sud-huquq yo‘nalishidagi islohotlar va Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga oid mavzularda “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston 24”, “Toshkent”, “Mening yurtim” telekanallari axborot va maxsus ko‘rsatuvlar efirga berildi. Xususan, “O‘zbekiston 24” telekanali “Studiya 24”, “Ortga qaytmas islohotlar” ko‘rsatuvlari, “Toshkent” telekanalida “Adolat qomusi” ko‘rsatuvi hamda “Mening yurtim” telekanalida “Diydor shirin” ko‘rsatuvida yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari mazmun-mohiyati Konstitutsiyaviy sudning faoliyati to‘g‘risidagi intervyu, suhbat va maxsus ko‘rsatuvlar efirga berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini munosib o‘tkazish maqsadida idora va tashkilotlar hamda oliy o‘quv yurtlari bilan keng hamkorlik qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari, “O‘zArxiv” agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Adolat sotsial-demokratik partiyasi” va O‘zXDP fraksiyalari yig‘ilishida, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) yig‘ilishida, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tashabbusi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tashkil etilgan tadbirlarda sudyalar ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent amaliy fanlar universiteti, “Renessans ta’lim” universitetlarida davra suhbatlarida sudyalar va Devon xodimlari Konstitutsiya mazmun-mohiyatini yoritishga qaratilgan ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Bu uchrashuvlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Konstitutsiya kunini munosib o‘tkazish va chora-tadbirlarni belgilashga qaratilgan Prezident Farmoyishi asosida ishlar butun respublika miqyosida tashkil etilishi Konstitutsiyani o‘rganish va keng targ‘ib etishga imkoniyat yaratdi, shuningdek Prezident Farmoyishining ommaviy axborot vositalari yo‘nalishi bo‘yicha respublika miqyosida aniq, manzilli va tizimli ravishda ish tashkil etilishiga asos bo‘ldi.
2025 yilning 18 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-253-son Farmoni qabul qilindi.
2025 yilning 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamkorligida mazkur Farmon mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbati Ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
2025 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.
Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib chiqish yuzasidan qabul qilingan Qaror Konstitutsiyaviy sud rasmiy veb-saytida, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida hamda “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilindi. Shuningdek, barcha TV va radiolar axborot ko‘rsatuv, eshittirishlarida hamda “O‘zbekiston” kanalida maxsus ko‘rsatuv tarzida efirga berildi.
2025 yil davomida Konstitutsiyaviy sud faoliyatini OAVda yoritish va aholiga, keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida “O‘zbekiston 24” kanalida “Ortga qaytmas islohotlar” ko‘rsatuvining bir necha maxsus ko‘rsatuvlar (21 avgust, 2 oktabr, 4 dekabr, 24 dekabr sonlari) tayyorlangan. Ko‘rsatuvlarda – Konstitutsiyaviy sudning faoliyati, fuqarolar va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, 2026-2027 yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raislik qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga o‘tishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-253-son Farmoni qabul qilingani haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari va devon xodimlari turli malaka komissiyalari va ilmiy kengashlarda faol ishtirok etib kelishmoqda.
2025 yil davomida Konstitutsiyaviy sud tomonidan O‘zbekistondagi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakolatxonalari bilan 20 ta, xorijdagi xalqaro tashkilotlar va sud organlari bilan 32 tadan ortiq yozishmalar amalga oshirilgan.
2025 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan 1 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani, 1 ta xalqaro konferensiyani, 1 ta seminar-treningni tashkil qilindi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud sudyalari va devon xodimlari mamlakatimizda o‘tkazilgan 20dan ortiq xalqaro konferensiya va seminar-treninglarda faol ishtirok etdi. Konstitutsiyaviy sudda 7 ta xorijiy davlatlar delegatsiyalari qabul qilindi.
2025 yil yakunlari sarhisob qilingan holda, 2026 yilda amalga oshiriladigan ishlar rejalari qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Konstitutsiyaviy sudga berilgan vakolatlar, doirasida, kelib chiqadigan vazifalar, xususan 2025 yil 18 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-253-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon ijrosini samarali ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi, tegishli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2025 yil 19 dekabrdagi 4-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–253-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi”ga asosan 2026 yilda:
- Farmonning 4 hamda 20-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni tartibga soluvchi konstitutsiyaviy qonun va mazkur Farmon talablaridan kelib chiqadigan qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ishlab chiqish;
- Farmon mazmun-mohiyatini OAVda keng yoritish va tushuntirish-targ‘ibot ishlarini tashkil etish;
- Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga «Ye-KSUD» axborot tizimini joriy etish.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2025-2027 yillarda Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasiga raislik vazifasini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash lozim.
2025 yil 11 noyabr kuni “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan faxriy sudyalarga, faol hamkor tashkilotlar va olimlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining esdalik nishonlari topshirilgan edi. Konstitutsiyaviy sud sudya va Devon xodimlarining bir guruhi yubiley sana hamda yil yakunlaridan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi