Bugun 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida Xorvatiya parlamenti bilan O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xorvatiya parlamenti – Sabor delegatsiyasi rahbari, Xorvatiya parlamentining Konstitutsiya, reglament va siyosiy tizim qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi raisi Ivan Malenitsa bilan O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov uchrashdi.

Uchrashuvda Xorvatiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Refik Shabanovich, Xorvatiya parlamenti deputatlari, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi a’zolari Ivan Rachan va Xrvoe Zekanovich, do‘stlik guruhi kotibi Gabriela Kuxarich Koyich, Konstitutsiyaviy sud sudyalari va ekspertlari, O‘zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasining rahbari Abdushukur Xamzaevlar ishtirok etdi.
Konstitutsiyaviy sudi raisi mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining vakolatlari, fuqaro va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqishi haqida to‘g‘risida gapirib berdi.
Suhbat davomida mehmonga 2025 yil 18 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Delegatsiya rahbari Ivan Malenitsa O‘zbekiston-Xorvatiya parlamentlararo do‘stlik guruhi va Xorvatiya Konstitutsiyaviy sudi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi. Xususan, Xorvatiya Konstitutsiyaviy sudi qabul qiladigan qarorlar parlamentda muhokama qilinishi jarayoni to‘g‘risida ma’lumot berdi. O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi tajribasidan o‘rganishga munosib jihatlariga e’tibor qaratdi.
M.Abdusalomov mehmonlarga tashrifi hamda uchrashuvda bildirilgan fikrlar uchun minnatdorchilik izhor qilib, kelgusida O‘zbekiston va Xorvatiya Konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasida munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashib borishni taklif qildi. Shuningdek, davlatlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, Toshkentda Xorvatiyaning elchixonasini ochish bunga yanada yaxshiroq imkoniyat yaratishi mumkinligi ta’kidlandi.
Xorvatiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Refik Shabanovich so‘nggi yillarda davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar rivojlanib, savdo hajmi o‘sib borayotganliga e’tibor qaratdi.