Konstitutsiyaviy sudda Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov jamoada mehnat qilayotgan xotin-qizlarni bayram bilan qizg‘in qutladi.

Bu yilgi bayram Konstitutsiyaviy sud uchun ikki karra quvonchli bo‘ldi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi Balkibaeva Janagul Ismaylovna «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi. Mazkur yuksak mukofot Konstitutsiyaviy sudda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faoliyatiga e’tibor namunasi bo‘ldi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan qutlarkan, ayollarni e’zozlash azaliy qadriyatimiz ekanligi, bugun yurtimizda qizlarning ta’lim olishlari, ilm-fan sirlarini chuqur o‘rganishlariga alohida e’tibor qaratilayotgani, yaratilayotgan sharoitlar hamda bu borada Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’kidlashdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi