Tailand Qirolligining Bangkok shahrida Tailand Konstitutsiyaviy sudi tashkil etilganining 28 yilligi munosabati bilan 8-9 aprel kunlari xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman konstitutsiyaviy nazorat organlari, xalqaro huquqiy tashkilotlar hamda ilmiy doiralar vakillari ishtirokida tashkil etildi va «O‘zgaruvchan global tartib sharoitida tinchlikni ta’minlashda qonun ustuvorligining kafolatchisi sifatida Konstitutsiyaviy sudlar» mavzusiga bag‘ishlandi.
Konferensiya doirasida konstitutsiyaviy adolat institutlarining jahon miqyosidagi o‘rni, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy muloqotlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari A.G‘afurov Tailand Qirolligida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada video murojaat orqali “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini takomillashtirish masalalari” mavzuidagi video murojaat bilan ishtirok etdi.

Xususan, ma’ruzada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy konstitutsiyaviy mexanizmlari va konstitutsiyaviy odil sudlovni takomillashtirish masalalari xalqaro ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Video murojaatda O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, konstitutsiyaviy shikoyat institutining ahamiyati, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan muhim fikr va takliflar ilgari surildi.