Bugun Konstitutsiyaviy sudda Toshkent davlat yuridik universiteti “Sud hokimiyati, advokatura va huquqni muhofaza qiluvchi organlar” kafedrasi tomonidan o‘tiladigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi” mavzusida 1-bosqich talabalari hamda mazkur kafedra o‘qituvchilari bilan “Konstitutsiyaviy huquq” fani doirasida sayyor dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Mahorat darsini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, yuridik fanlari nomzodi M.E.Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi tadbir yoshlar bilan tizimli uchrashuvlardan biri ekanini ta’kidladi. Konstitutsiyaviy sud va TDYuU o‘rtasidagi Hamkorlik Memorandumi 2023 yil imzolanib, uning asosida Konstitutsiyaviy sudning mamlakat sud tizimida tutgan o‘rni, konstitutsiyaviy nazorat va konstitutsiyaviy shikoyat instituti haqidagi nazariy darslarni amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va undan kelib chiqadigan vazifalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi PF-253-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash ustivor vazifa ekani aytib o‘tildi.
Mahorat darsida shuningdek, Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori A.G‘afurov, sudyalar yuridik fanlari doktori A.Raximov hamda yuridik fanlar nomzodi A.Raxmonovlar ishtirok etdi. Xususan, Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish mavzularida ma’ruzalar qilib, batafsil ma’lumotlar berildi.

Talabalar Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga qiziqish bildirib, bir qator savollar bilan murojaat qildilar va ularga batafsil tushuntirishlar berilib, Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan yaqindan, bevosita tanishish imkonini berdi. Bu esa olingan nazariy bilimni sayyor dars mashg‘ulotida mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi