28-29 aprel kunlari sud organlari axborot xizmatlari xodimlari va sudyalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida tashkil etilgan “Media-kommunikatsiya va inqirozli vaziyatlarda ishlash” mavzusida maxsus o‘quv kursi o‘tkazildi.

Mazkur o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashabbusi bilan Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.


Ikki kun davom etgan mashg‘ulotlar jarayonida 60 nafardan ortiq tinglovchini o‘zida jamlagan tadbir doirasida sud tizimida ochiqlikni ta’minlash, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan samarali ishlash, sud faoliyatini mediada yoritish masalalari muhokama qilindi.




Xususan, bugungi kunda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni nafaqat faoliyatda qo‘llash orqali, balki uni keng jamoatchilikka tushuntirishda zamonaviy usullarni qo‘llash masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, sudlar faoliyatidagi jarayonlarni, sud qarorlarini sodda, xalqchil tarzda tushuntirish, media makonda muloqot, sud faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalalari kabi mavzular atroflicha misollar, trening mashqlar orqali muhokama qilindi.

Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaning 132-133-moddalari hamda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunida belgilangan vazifa va vakolatlarini amalga oshirishi doirasida konstitutsiyaviy shikoyat instituti qo‘llanilishi masalalarini aholi va keng jamoatchilikka tushuntirish faoliyatning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.