2026 yilning 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari va Devon xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.

Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori A.Gafurov kirish so‘zi bilan ochib, Konstitutsiyaviy sudning davlat va jamiyatdagi o‘rni va roli, davlat rahbarining 2025 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-253-sonli Farmonining ahamiyati va unda belgilangan vazifalarning dolzarbligi haqida fikr bildirdi.

Konstitutsiyaviy sud sudyasi, yuridik fanlar nomzodi A.Rahmonov Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Uchrashuvda Konstitutsiyaviy sud Devoni rahbari, yuridik fanlar doktori N.Said-Gazieva ishtirok etdi, talabalar Konstitutsiyaviy sud faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan bo‘lib, Memorandum doirasida universitet talabalari va o‘qituvchilari Konstitutsiyaviy sud amaliyoti bilan tanishish, konstitutsiyaviy odil sudlovga oid tadqiqotlar olib borish, Konstitutsiyaviy sud faoliyati va dolzarb mavzular bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi