eye
Konstitutsiyaviy sud delegatsiyasi “Konstitutsiyaviy odil sudlovning XXI asrdagi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etdi

     O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi 2025 yil 24 – 27 aprel kunlari Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil etilganligining 63 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Konstitutsiyaviy odil sudlovning XXI asrdagi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro simpozium ishida ishtirok etdi.

     Tadbirining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi A.Raxmonov Turkiya Respublikasi xalqi va Konstitutsiyaviy sud a’zolarini ushbu tarixiy sana munosabati bilan qutladi. Anjuman ishtirokchilariga O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani, unga kiritilgan yangi normalar haqida ma’lumotlar berdi. Xususan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, inson huquqlariga oid qonun hujjatlarining takomillashtirilishi, konstitutsiyaviy shikoyat institutini amaliyotga joriy etilishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro simpozium ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

     Anjumanda dunyo mamlakatlari konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasida muloqotlarni davomi ettirish, xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasida tajriba, o‘zaro fikr almashuvlarni ko‘proq tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

     Simpozium ishida konstitutsiyaviy shikoyat instituti amaliyotini  raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlov tizimiga sun’iy intellektni joriy etish kabi masalalar o‘rtaga tashlandi. Fuqarolarning  konstitutsiyaviy odil sudlov organlariga murojaat qilishlari uchun huquqiy bilimlarini oshirish ustida ishlash va buning barcha zaruriy chora-tadbirlarini ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratildi.

     Anjuman doirasida 2025 yil 27 aprel kuni Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iston va O‘zbekiston davlatlari konstitutsiyaviy odil sudlov organlarining vakillari ishtirokida Turkiy dunyo konstutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi (TURK-AY)ning navbatdagi anjumanida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Akmal Raxmanov ishtirok etdi. Anjumanda Turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi

 

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish