Toshkentda “Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq taraqqiyotining globallashuv sharoitidagi rivojlanishi: yangi yondashuvlar va tendensiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Ilmiy anjumanda «O‘zbekiston milliy davlati va huquqining nazariyasi, tarixi va shakllanish jarayonlari», “Globallashuv sharoitida davlat va huquq masalalariga yangicha yondashuvlar – davr talabi”, “Huquqni tadqiq etishning ayrim nazariy-uslubiy jihatlari”, «Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq tizimining evolyusion rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari» kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi. O‘zbekistonda davlat va huquq tizimining tarixi, nazariy asoslari va shakllanish jarayoni haqida chuqur tahlillar o‘tkazildi.
Tadbirda Shvesiya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘istondan ishtirok etgan xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos olimlarning fikr va mulohazalari tinglandi.
Konstitutsiyaviy islohotlar, sud tizimida yetuk kadrlar tayyorlash istiqbollari, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mexanizmlar muhokama qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari, yu.f.d. A.G‘afurov “O‘zbekistonda konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada Konstitutsiyani ustuvorligini ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy mexanizmlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy nazorat institutini takomillashtirish bilan bog‘liq islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.