O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil topganligining 30-yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi munosabati bilan O‘zbekistonga xorijiy davlatlar konstitutsiyaviy sudlari delegatsiyalari Toshkent shahriga tashrif buyurmoqdalar.
2025-yil 10-noyabr kuni Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi Prezidenti, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti, professor doktor Nakharin Mektrayrat boshchiligidagi delegatsiya va Indoneziya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Bosh kotibi Xeru Setiavan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi boshchiligida sudyalar va Devon xodimlari Islom sivilizatsiya markazi bilan tanishdilar.


Mehmonlar markazning barcha ekspozitsiya — Qur’oni karim zali, Islomdan avvalgi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans davrlari hamda Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori bo‘limlari bilan batafsil tanishdilar. Ular markazning ilmiy, madaniy va ma’naviy jihatlariga, namoyish etilgan noyob qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar va zamonaviy raqamli ekspozitsiyalarga yuqori baho berdilar.


Xususan, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti, professor doktor Nakharin Mektrayrat o‘z fikrini bildirdi: “Islom sivilizatsiya markazi bilan tanishar ekanman, O‘zbekiston nafaqat ko‘p yillik buyuk tarixga ega mamlakat ekanligini, balki ilm-fan, madaniyat va islom dini markazlaridan biri bo‘lganiga ham guvoh bo‘ldik. Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon olami uchun faxrli ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida barpo etilibdi, buning uchun O‘zbekiston xalqini tabriklayman!”.


Xalqaro konferensiya doirasida 2026-2027-yillarda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasiga raislik qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga o‘tishi kutilmoqda. Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi a’zo davlatlari delegatsiyalari kelishi davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi