eye
Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan Prezident Farmoni mazmunini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining tashabbusi bilan joriy yilning 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–253-son Farmonning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.  

   Mazkur tadbir Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyatini ochib berish, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini jamoatchilikka atroflicha va tizimli tarzda tushuntirishga xizmat qildi.

   Mazkur tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan PF–253-son Farmon orqali mamlakatimizda konstitutsiyaviy adolatni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli hamda barqaror himoya qilish, shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning institutsional salohiyati, nufuzi va ta’sirchanligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan davlat siyosatining strategik mohiyatini keng jamoatchilikka izchil, asosli, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda, jamoatchilik bilan ochiq muloqot ruhida tushuntirishdan iborat bo‘ldi.

   Tadbir davomida ushbu Farmon Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur, izchil va tizimli konstitutsiyaviy islohotlarning mantiqiy davomi, davlat rahbarining inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va adolatni davlat siyosati darajasiga ko‘tarishga qaratilgan qat’iy siyosiy irodasining amaliy ifodasi ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, mazkur Farmon davlat boshqaruvi tizimida konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlashning yangi institutsional modelini shakllantirishga xizmat qiladi.

   Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari tomonidan PF–253-son Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Adliya vazirligi, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar bilan tizimli, muvofiqlashtirilgan va institutsional sheriklikka asoslangan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu hamkorlik davlat organlari o‘rtasida o‘zaro mas’uliyat, muvofiqlashuv va natijaga yo‘naltirilgan faoliyatni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

   Ayniqsa, konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida aniqlanayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish, Konstitutsiyaviy sud qarorlari va xulosalarining to‘liq, o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta’minlash borasida mazkur idoralar o‘rtasidagi amaliy sheriklik, institutsional hamjihatlik va muvofiqlashgan faoliyatning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari va devon xodimlari, Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi, Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, O‘zbekiston Advokatlar palatasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Qayd etilganidek, PF–253-son Farmon Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur konstitutsiyaviy transformatsiya jarayonlarining mantiqiy davomi bo‘lib, u Konstitutsiyaviy sud faoliyatini mazmunan yangilash, uning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni va ta’sirchanligini institutsional darajada mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanadi.

    Tadbir ishtirokchilari tomonidan ta’kidlanganidek, Prezident Farmoni orqali Konstitutsiyaviy sud faoliyati faqat normativ-huquqiy hujjatlarni baholash bilan cheklanib qolmasdan, inson huquqlarini tiklashga real ta’sir ko‘rsatuvchi, proaktiv va samarali huquqiy mexanizm sifatida qayta shakllantirilmoqda. Bu esa Konstitutsiyani jonli, ishlaydigan va fuqaro manfaatlariga xizmat qiladigan Asosiy qonun sifatida hayotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

   Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarning markazida fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga yetib borish imkoniyatlarini kengaytirish, adolatga kirish imkoniyatini oshirish masalasi turadi. Xususan, konstitutsiyaviy shikoyat institutini amalda to‘laqonli ishlatish, Konstitutsiyaga zid deb topilgan qonun qo‘llangan sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish mexanizmlarini joriy etish orqali inson huquqlarini himoya qilish kafolatlari yangi mazmun bilan boyitildi.    

   Alohida ta’kidlangan jihatlardan biri — Konstitutsiyaviy sud qarorlari va xulosalarining ta’sirchanligini oshirishdir. Endi mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi Axborot parlament darajasida muhokama qilinib, uning asosida aniq chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi va ijrosi ustidan samarali parlament nazorati o‘rnatiladi. Bu esa Konstitutsiyaviy sud xulosalarining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishini ta’minlaydi.

   Shuningdek, PF–253-son Farmonda Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, raqamli sud ekotizimi, shaffof va ochiq ma’lumotlar asosida ish yuritish masalalariga alohida urg‘u berildi. Sud ishlarini yuritish jarayonlarini raqamlashtirish orqali ochiqlik, shaffoflik, tezkorlik va hisobdorlik ta’minlanib, fuqarolar uchun adolatga yetib borish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaymoqda. Bu esa sud hokimiyatiga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini yanada mustahkamlaydi.

   Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–253-son Farmon mamlakatimizda qonun ustuvorligi, adolat, inson qadri tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning izchil va samarali ijrosi Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy adolatning mutlaqo yangi bosqichini belgilab beradi.

 

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish