2025 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ombudsman va Bolalar ombudsmani, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdilar.
Majlisda Konstitutsiyaviy sudning 2025 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.

Bosh qomusimizdagi norma va prinsiplarni hayotga tatbiq etish, shu jumladan, jamiyat va davlatni Konstitutsiyaga muvofiq, huquqiy modernizatsiya qilish, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar 2025 yilda ham faol davom ettirildi.
Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha 20 ta yo‘nalishda olib borilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi, xususan:
– sud organlari faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yildi, tergov sudyalari faoliyati qonuniy asoslari yaratildi, vakillik organlarining maqomi mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati institutlari uchun shart-sharoitlar yaxshilandi;
– fuqarolarning O‘zbekiston bo‘ylab erkin harakatlanishga, ta’lim olishga, mehnat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlandi, davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilik haqidagi normani samarali amalga oshirishga qaratilgan zamonaviy standartlar joriy etildi;
– ayrim ma’muriy jazo choralari qayta ko‘rib chiqildi, ba’zi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilindi, ma’muriy ish yurituvi amaliyotiga xususiy ayblov instituti joriy etildi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin ularni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi joriy etildi;
– dunyoviy davlat konstitutsiyaviy prinsipini ro‘yobga chiqarish va vijdon erkinligi kafolatlarini ta’minlash choralari ko‘rildi, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlanib, unda belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha parlament komissiyasi tuzildi;
– uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar belgilandi, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi qabul qilindi;
– bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini kafolatlash, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashga qaratilgan tartib-taomillar joriy etildi;
– “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, metan emissiyasini qisqartirish, “Yashil bino” sertifikati, “yashil” davlat xaridlari, kompensatsiya sifatida ekilgan daraxt va buta ko‘chatlari hisobini yuritish tizimi hamda “yashil tadbirkor” maqomi joriy qilindi;
– mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining huquqlari himoyasini kuchaytirish, yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ta’lim olishga, ishga joylashishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2025 yilda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 81 ta qonun va 386 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi o‘rganilgan.

Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha bir qator takliflar ham ilgari surildi:

birinchidan, majburiyatlar ixtiyoriy bajarilishini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, fuqarolarga berilayotgan imtiyozlarni bosqichma-bosqich proaktiv ko‘rsatishga o‘tish, tijorat banklari tomonidan bank xizmatlarini ko‘rsatishda iste’molchilar huquqlariga to‘liq rioya etish va moliyaviy ochiqlikni kengaytirish;
ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida davlat organlari tomonidan xizmat ko‘rsatish va aholi bilan muloqotni boshqa shakllarini tartibga soluvchi barcha hujjatlarni va jarayonlarni korrupsiya va byurokratiyaga qarshi standartlarga muvofiqligi nuqtai nazardan baholashdan o‘tkazish;

uchinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish amaliyotini jadallashtirish maqsadida bunday qonun loyihalarini tayyorlash va baholash metodikasini, shuningdek, har yili muayyan soha va tarmoqlardagi qonunlarni qayta ko‘rib chiqish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;
to‘rtinchidan, inson huquqlarini cheklovchi normalari mavjud bo‘lgan qonun va qonunosti hujjatlar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish maqsadida loyiha Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish vaqtida unda inson huquqlarini cheklovchi normalar mavjudligi haqida vazirlik xulosasida alohida ko‘rsatib o‘tish;
beshinchidan, Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturi ijrosini tahlil qilish va uni bugungi kun talablari asosida takomillashtirishga, yangi konstitutsiyaviy prinsip va institutlarni o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini yoritib berishga qaratilgan maqsadli ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish;
oltinchidan, Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, barcha majburiy to‘lovlarni o‘zida jamlagan yagona qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish;
yettinchidan, tizimlashgan hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha boshlangan tashabbuslarni jadallashtirish, xususan, Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash va loyihani huquqiy ta’sir choralarining mutanosibligi va yetarliligi konstitutsiyaviy prinsiplari asosida qayta ko‘rib chiqish, bunda oshirilgan jarima miqdori belgilanishi mumkin bo‘lgan ba’zi huquqbuzarliklarni aniqlashning aniq mezonlari va talablarini ishlab chiqish;
sakkizinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq davlat o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy va boshqa majburiyatlar bajarilishi holati ustidan parlament nazoratini o‘rnatish, ushbu majburiyatlar bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rilayotgan choralarni muntazam ravishda qo‘mita yig‘ilishlarida muhokama qilib borish;
to‘qqizinchidan, ayblanuvchi, gumon qilinuvchi va himoyachi jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror bilan tanishish va undan nusxa olish huquqini ham alohida belgilash hamda o‘z hisobidan nusxa olish uchun zarur sharoit yaratib berish;
o‘ninchidan, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan voyaga yetmaganlarning uzluksiz umumiy o‘rta ta’lim olishini ta’minlash, bu borada ularga sud-tergov jarayonlari sababli ta’limdan uzilib qolishi natijasida qoldirilgan dars soatlarini o‘zlashtirish va imtihon orqali qoplash imkonini yaratish;
o‘n birinchidan, mutanosiblik konstitutsiyaviy prinsipidan kelib chiqib, ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashning adolat va insonparvarlik tamoyillariga muvofiq bo‘lgan aniq mezonlarini ishlab chiqish hamda birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoqning eng ko‘p muddatini qo‘llashni cheklash;
o‘n ikkinchidan, sun’iy intellektga asoslangan raqamli texnologiyalarning mazmun-mohiyatini, ularning davlat hamda jamiyat hayotiga ta’sirini puxta o‘rganish hamda bunday texnologiyalarni joriy etish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi qonun hujjatini ishlab chiqish;
o‘n uchinchidan, shaxsiy hayotning daxlsizligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq kafolatlarini yaratish maqsadida barcha davlat organlari faoliyatini shaxsiy hayot daxlsizligi nuqtai nazaridan auditdan (“privacy audit”) o‘tkazish;

Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama o‘rganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborotni tasdiqlash hamda uni Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.